PhD dissertatsiyalari ilmiy seminarda muhokama qilindi
6-oktabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida filologiya yo‘nalishida olib borilayotgan ikki ilmiy tadqiqot muhokama qilindi.
Universitet huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.03/2026.31.01.Fil.29.05 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminarning 4-son majlisida Odilova Kamola Taxirovna hamda Raxmonqulov O‘ktam Samatovich o‘z dissertatsiya ishlarini taqdim etdilar.
Kamola Odilovaning 10.00.11 – Amaliy va kompyuter lingvistikasi ixtisosligi bo‘yicha “Polikodli matnlarning lingvokognitiv aspekti” mavzusidagi tadqiqoti polikodli matnlarni lingvistik va kognitiv jihatdan o‘rganishga bag‘ishlangan.
O‘ktam Raxmonqulovning “O‘zbek tili sug‘urta terminlarining leksikografik talqini: ma’lumotlar bazasi va semantizatsiyasi” mavzusidagi dissertatsiyasida esa sug‘urta sohasiga oid o‘zbekcha terminlarning leksikografik talqini, ularning ma’lumotlar bazasini shakllantirish va semantizatsiya masalalari tadqiq etilgan.
Seminar davomida tadqiqotchilar dissertatsiyalarning asosiy natijalarini taqdim etdilar. Ilmiy seminar a’zolari tomonidan tadqiqotlarning metodologiyasi, ilmiy natijalari va amaliy ahamiyati yuzasidan savol va mulohazalar bildirildi.