Daegu Haany University prezidenti Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi
Janubiy Koreyaning Daegu Haany University prezidenti Byun Chang Hoon boshchiligidagi delegatsiya Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet ta’sischisi Alisher Vahobov kutib oldi.
Uchrashuvda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, xususan, talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda yoshlarning xalqaro akademik tajriba orttirishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga e’tibor qaratdi.
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Daegu Haany University o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bugungi kunda talabalar uchun ta’limning bir qismini Janubiy Koreyada davom ettirish imkonini beruvchi dasturlar yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, 2+2 dasturi “Koreys tili filologiyasi” hamda “Go‘zallik va estetika” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun mo‘ljallangan. Dastur orqali talabalar o‘qishning muayyan bosqichini Toshkentda, keyingi qismini esa Janubiy Koreyada davom ettirish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, Exchange — akademik almashinuv dasturi boshqa ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun ham Koreyada ma’lum muddat o‘qish imkonini beradi. Bu orqali talabalar boshqa akademik muhitda tahsil olish, Koreya ta’lim tizimi bilan bevosita tanishish hamda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro tajriba orttirishlari mumkin.
Daegu Haany University delegatsiyasining Toshkentga tashrifi mavjud hamkorlikni davom ettirish bilan birga, ikki universitet o‘rtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish va talabalar uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun ham xizmat qildi.