Toshkentda yaratilgan eskiz Nagoyada namoyish etilishi mumkin: KIUT va Yaponiya universiteti hamkorlikni muhokama qildi
Toshkentda yaratilgan libos dizayni yoki interyer loyihasi kelajakda Yaponiyadagi ko‘rgazmalardan birida namoyish etilishi mumkin. Bu Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (KIUT) va Nagoya san’at universiteti (Nagoya University of the Arts) o‘rtasida muhokama qilingan hamkorlik g‘oyalaridan biri.
11-noyabr kuni KIUT delegatsiyasi Yaponiyaga tashrifi davomida Nagoya san’at universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Muzokaralarda universitet vitse-prezidenti Makoto Hagihara, xalqaro aloqalar direktori Kazuya Nagae, o‘quv ishlari bo‘yicha vakil Chiaki Sun va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Uchrashuvda talabalar uchun qo‘shma ijodiy loyihalar tashkil etish, yozgi almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish va ikki universitet talabalari birgalikda ishlashi mumkin bo‘lgan ta’lim formatlari muhokama qilindi.
KIUT delegatsiyasi universitetning libos dizayni, interyer dizayni hamda san’at va muhandislikni birlashtiruvchi yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, talabalarga ta’limning bir qismini Yaponiyada davom ettirish imkonini beruvchi 2+2, 3+1 va 1+1 dasturlari taklif etildi.
Muzokaralardagi qiziqarli takliflardan yana biri — Buyuk Ipak yo‘li tarixi va madaniyatini san’at orqali o‘rganishga bag‘ishlangan qo‘shma kurs tashkil etish bo‘ldi. Bunday loyiha o‘zbekistonlik va yaponiyalik talabalarga ikki xalqning madaniy merosini zamonaviy dizayn va ijodiy ishlar orqali talqin qilish imkonini berishi mumkin.
1970-yilda tashkil etilgan Nagoya san’at universiteti tasviriy san’at, dizayn, musiqa va sahna san’ati yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. Universitetda har semestr xalqaro almashinuv dasturi ishtirokchilarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Hozircha bu tashabbuslar muzokara bosqichida. Ammo ular amalga oshsa, KIUT talabalari uchun Yaponiyada tahsil olish, xalqaro ijodiy jamoalarda ishlash va o‘z loyihalarini xorijiy auditoriyaga taqdim etish imkoniyatlari kengayadi.