Toshkent Kimyo xalqaro universiteti xalqaro akkreditatsiya orqali ta’lim sifati va xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqladi
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti xalqaro ta’lim standartlariga muvofiqlikni tasdiqlovchi institutsional hamda yo‘nalishlar kesimidagi akkreditatsiya sertifikatlariga ega bo‘ldi.
Mazkur sertifikatlar Central Asian Association for Accreditation of Education (CAAAE) tomonidan berildi (https://accreditation.org/accreditation-processes/accrediting-bodies/central-asian-association-accreditation-education). Ushbu xalqaro akkreditatsiya universitetda ta’lim sifati, boshqaruv jarayonlari va ichki sifat nazorati tizimi xalqaro talablarga mos ravishda yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi.
Akkreditatsiya natijalariga ko‘ra, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti 1 ta institutsional akkreditatsiya, 6 ta bakalavriat yo‘nalishi hamda 14 ta magistratura yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Ular orasida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan sun’iy intellekt, mexatronika, lift muhandisligi, mexanik muhandislik, elektr muhandisligi, axborot tizimlari muhandisligi, arxitektura va binolar hamda inshootlar qurilishi, biotexnologiya, audit va buxgalteriya hisobi kabi bir qator yo‘nalishlar mavjud. Batafsil tanishish uchun havola: https://www.kiut.uz/ru/institute/vnutrennye-fajly/.
Mazkur akkreditatsiyani taqdim etgan Central Asian Association for Accreditation of Education (CAAAE) muhandislik va oliy ta’lim yo‘nalishlarini xalqaro mezonlar asosida baholovchi nufuzli akkreditatsiya tashkiloti hisoblanadi. Uning standartlari Bolonya jarayoni tamoyillari va xalqaro amaliyotga mos ishlab chiqilgan. Eslatib o‘tamiz, bu Toshkent Kimyo xalqaro universitetining birinchi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi emas.
Ushbu yutuq bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim dasturlari mazmuni, professor-o‘qituvchilar salohiyati, o‘quv-uslubiy ta’minot hamda moddiy-texnik bazaning xalqaro mezonlarga muvofiqligini tasdiqlaydi.
Mazkur akkreditatsiya abituriyentlar va ota-onalar uchun ishonchli ta’lim muhiti yaratilganini anglatadi, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirish, qo‘shma dasturlar va akademik almashinuvlarni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.