
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti va Janubiy Koreya: Mustahkam hamkorlik va yangi imkoniyatlar sari
Toshkent Kimyo xalqaro universitetida (TKXU) muhim voqea yuz berdi — Janubiy Koreyaning Oʻzbekistondagi elchisi janob Von Do Yon universitetga rasmiy tashrif buyurdi. Hurmatli mehmonni universitetning taʼsischisi, professor A. Vakhobov kutib oldi.
Janubiy Koreya Toshkent Kimyo xalqaro universitetining strategik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda TKXUda 30 ga yaqin koreyalik professor-oʻqituvchilar taʼlim berib, universitetdagi ilmiy va akademik salohiyatni yanada mustahkamlashmoqda.
Universitetda nafaqat koreys tilini oʻrganish, balki koreys madaniyatiga chuqur kirib borish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, TKXU va Koreya universitetlari oʻrtasida talabalar almashinuvi dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Universitetda oʻz bilim va salohiyati bilan ajralib turgan talabalar uchun grant dasturlari ham yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, Koreya madaniyatiga qiziqishni oshirish maqsadida TKXUda “Koreya madaniyati kuni” doirasida “Quiz on Korea” bilimlar bellashuvi oʻtkazildi. Ushbu tadbir koreys madaniyati, tili va tarixi boʻyicha bilimlarni mustahkamlash hamda talabalar oʻrtasida oʻzaro madaniy almashinuvni rivojlantirish uchun xizmat qilmoqda.