TIBBIYOT VA FARMATSEVTIKA XODIMLARI KUNI MUBORAK BO‘LSIN!
HURMATLI TOSHKENT KIMYO XALQARO UNIVERSITETI TIBBIYOT MAKTABI PROFESSOR-O‘QITUVCHILARI VA AZIZ TALABALAR,
Sizlarni Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Tibbiyot — bu nafaqat kasb, balki inson hayoti, salomatligi va kelajagi oldidagi yuksak mas’uliyatdir. Bu sharafli yo‘lni tanlagan har bir insondan chuqur bilim, fidoyilik, mehr-shafqat va yuksak insoniy fazilatlar talab etiladi.
Qadrli professor-o‘qituvchilar,
Sizlar nafaqat bo‘lajak shifokorlarga bilim va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatmoqdasiz, balki ularda inson hayotiga mas’uliyat, tibbiy etika, ilmiy tafakkur va kasbiy sadoqatni shakllantirmoqdasiz.
Aziz talabalar,
Sizlar kelajakda minglab insonlarning salomatligi va hayoti ishonib topshiriladigan mutaxassislarsiz. Shuning uchun bugungi har bir darsingiz, egallagan bilimingiz va amaliy ko‘nikmangiz ertangi kasbiy mas’uliyatingizning mustahkam poydevoridir.
Unutmang: haqiqiy shifokorni faqat diplom emas, balki chuqur bilim, klinik tafakkur, halollik va inson hayotiga bo‘lgan mas’uliyat shakllantiradi.
Ishonchim komilki, universitetimiz Tibbiyot maktabi ilm-fan, ta’lim va klinik amaliyotning uzviy integratsiyasi asosida xalqaro darajada raqobatbardosh, bilimli va yuksak insoniy fazilatlarga ega tibbiyot mutaxassislarini tayyorlaydigan nufuzli akademik markazga aylanadi.
Ushbu qutlug‘ ayyomda barcha professor-o‘qituvchilarimizga mustahkam sog‘liq, ilmiy va kasbiy yutuqlar, aziz talabalarimizga esa bilim olish yo‘lida qat’iyat, ulkan muvaffaqiyatlar va porloq kelajak tilayman!
Ilmingiz insonlarga shifo, mehnatingiz jamiyatga naf, kasbingiz esa hayotingizga sharaf keltirsin.
BAYRAMINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!
Hurmat bilan,
Akmal Allakuliyev
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti rektor