KIUTda xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi
2026-yil 3-iyun kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida “Samarali nashriyot strategiyasi zamonaviy universitetning xalqaro miqyosda o‘zini namoyon qilishi omili sifatida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda ilmiy maqolalarni xalqaro bazalarda nashr etish, tadqiqotchilar faoliyatini baholashda Scopus, Web of Science, Google Scholar va ORCID platformalarining o‘rni, shuningdek, universitetlarning ilmiy reytinglarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda professor Aydar Kalimullin va professor Alfiya Masalimova (Qozon federal universiteti, Rossiya), professor Intakhab Alam Khan (Qirol Abdulaziz universiteti, Saudiya Arabistoni) hamda professor Muhammet Uşak (Kraguyevas universiteti, Serbiya) ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzachilar ilmiy maqolalarni nufuzli jurnallarda chop etish, tadqiqotchilik kompetensiyalarini rivojlantirish, akademik hamkorlikni kengaytirish va xalqaro ilmiy faoliyatni samarali tashkil etish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar ilmiy nashrlar sifatini oshirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va universitetlarning global akademik maydondagi nufuzini mustahkamlashga oid amaliy tavsiyalar oldilar.