KIUTda inklyuziv ta’lim va teng imkoniyatlarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
13-noyabr kuni Toshkent Kimyo xalqaro universitetida BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganining 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxtdagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarbiyalanuvchilari, pedagoglar, universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari bir joyga jamlandi.
Tadbirga 77-sonli “Nurli maskan” ko‘zi ojiz bolalar maktab-internati, Olmazor tumanidagi 106-sonli kar va zaif eshitadigan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda Yashnobod tumanidagi 52-sonli ko‘p funksiyali korreksion maktab tarbiyalanuvchilari tashrif buyurdi.
Uchrashuvda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish, kasb egallash va jamiyat hayotida faol ishtirok etish huquqlari haqida fikr yuritildi. Shuningdek, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirning eng qiziqarli qismi bolalar va KIUT talabalarining ijodiy chiqishlari bo‘ldi. Sahnada qo‘shiqlar yangradi, she’rlar o‘qildi, raqslar ijro etildi. Ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
2006-yil 13-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan mazkur konvensiya O‘zbekiston tomonidan 2021-yilda ratifikatsiya qilingan. Hujjat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jumladan, ta’limda teng imkoniyatlar yaratishning xalqaro huquqiy asoslaridan biridir.
KIUTda tashkil etilgan uchrashuvning asosiy maqsadi ham shundan iborat edi: alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyatlarini namoyon etishiga imkon yaratish va universitet talabalarini ijtimoiy mas’uliyatga undash.