KIUT va Toshkent metallurgiya zavodi muhandis kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining “Energetika va amaliy fanlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari Toshkent metallurgiya zavodiga tashrif buyurib, magistratura ta’lim dasturlarini sanoat ehtiyojlariga moslashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda “Mexatronika va robototexnika” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv rejalar, jumladan, Fluid Mechanics I, Fluid Mechanics II, Machine Design va Robotics fanlari dasturlari korxona mutaxassislari bilan birgalikda ko‘rib chiqildi.
Asosiy e’tibor magistrantlarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish va robototexnika yo‘nalishida zarur kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratildi.
Shuningdek, magistrantlarning ilmiy tadqiqotlarini korxonadagi real texnologik muammolar bilan bog‘lash va ta’lim dasturlarini ishlab chiqarish talablariga muvofiq takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.