KIUT talabalari Irkutskdagi xalqaro yozgi maktabda ishtirok etdilar
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining to‘qqiz nafar talabasi Rossiyaning Irkutsk milliy tadqiqot texnika universitetida (IRNITU) tashkil etilgan Xalqaro rus tili yozgi maktabida ishtirok etdi.
Ikki hafta davom etgan dastur doirasida talabalar rus tili bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash bilan birga, turli mamlakatlardan kelgan yoshlar bilan muloqot qilib, yangi madaniy va akademik tajriba orttirdilar.
KIUT talabalarining yozgi ta’til davriga to‘g‘ri kelgan mazkur dastur davomida O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli Aslam Adhamovich Akbarov bilan uchrashuv ham tashkil etildi.
Suhbat chog‘ida akademik mobillik, ta’lim sohasidagi hamkorlik hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Aslam Akbarov yoshlarning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi muhimligini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Xalqaro yozgi maktab talabalarga nafaqat til ko‘nikmalarini rivojlantirish, balki yangi do‘stlar orttirish va xalqaro ta’lim muhitida tajriba almashish imkonini ham berdi.