
Joriy yilning 19 aprel kuni tarix yoʻnalishi kunduzgi va kechki taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun unutilmas sayyor dars tashkil etildi
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining “Tarix” kafedrasi tashabbusi bilan joriy yilning 19 aprel kuni tarix yoʻnalishi kunduzgi va kechki taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar uchun unutilmas sayyor dars tashkil etildi. Sayyor dars qadimiy va betakror Samarqand shahrida oʻtkazilib, talabalarga tarixiy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkonini berdi.
Yetmishdan ortiq talabalar, “Turizm”, “Xalqaro marketing”, “Tarix” yoʻnalishlari, kechki taʼlim boʻlimi rahbarlari hamda “Tarix” kafedrasi professor-oʻqituvchilari bu safarda ishtirok etdilar. Ilmiy-amaliy ahamiyatga ega boʻlgan sayyor dars davomida talabalar Samarqandning bebaho moddiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar.
Mashhur tarixchilar — kafedra mudiri, t.f.d., professor Akbar Zamon, t.f.d. Azimxoʻja Otaxoʻjayev, t.f.d. Bobir Aminov, PhD Ulugʻbek Xalmuminov, PhD Akmal Yakubov, katta oʻqituvchilar Shodiya Saydaliyeva va Akmal Ismoilov talabalarga tarixiy obidalar, yodgorliklar va ularning ilmiy qiymati haqida batafsil tushuntirish berdilar.
Samarqandning betakror muhitida oʻtgan bu amaliy darslar talabalar uchun nafaqat bilim manbai, balki tarixiy tafakkur va milliy qadriyatlarni chuqur anglash maktabiga aylandi.